8-O’ZBEKISTON XALQARO KON-METALLURGIYA FORUMI – UIMF 2026

27 - 28 oktabr 2026, O’zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

O‘zbekiston AQSh, Buyuk Britaniya, Shengen va boshqa davlatlar vizasiga ega Hindiston fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etdi

2026-yil 1-sentabrdan Hindiston fuqarolari O‘zbekistonda 30 kungacha vizasiz bo‘lishi mumkin. Yangi tartib Prezident Shavkat Mirziyoyevning 29-avgustdagi PF-180-son farmoni bilan belgilangan, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Vizasiz rejimdan Avstraliya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Yangi Zelandiya, Yaponiya yoki Shengen kelishuvi davlatlarining amaldagi ko‘p martalik biznes yoki turistik vizasiga ega bo‘lgan fuqarolar foydalana oladi. Ikkinchi majburiy shart — Hindistonga yoki uchinchi davlatga aviachipta. Bo‘lish muddati — xorijiy viza amal qilish davri doirasida, mamlakatga kirgan kundan boshlab 30 kungacha.

Vizasiz rejim joriy etish rejasi Shavkat Mirziyoyev va 29–30-avgust kunlari Toshkentga tashrif buyurgan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng e’lon qilingan edi. Tashrif yakunlariga ko‘ra, tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2030-yilgacha 5 mlrd dollarga yetkazishga kelishib oldi, hukumatlar esa turli sohalardagi hamkorlikka oid 12 ta hujjat imzoladi.

Hindistondan O‘zbekistonga turistik safarlar soni barqaror o‘sib bormoqda: 2023-yilda Hindiston fuqarolari 45,5 ming, 2024-yilda 70,6 ming, 2025-yilda esa 80,9 ming turistik safar amalga oshirgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Hindiston barcha davlatlar orasida to‘qqizinchi o‘rinda, 2022–2025-yillarda esa o‘sish qariyb 1,8 baravarni tashkil etdi.

Turizm qo‘mitasi Hindistondan keladigan sayyohlar oqimini yanada oshirishni rejalashtirmoqda. Qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulovning ma’lum qilishicha, asosiy e’tibor oilaviy turizmga qaratiladi, mamlakatni targ‘ib qilish uchun esa hindistonlik blogerlar va turoperatorlar jalb etiladi.

Manba: Gazeta.uz