8-O’ZBEKISTON XALQARO KON-METALLURGIYA FORUMI – UIMF 2026

27 - 28 oktabr 2026, O’zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

Oʻzbekiston iyul oyida qariyb 1,3 mlrd dollarlik oltin eksport qildi

O‘zbekiston iyul oyida oltin eksportini qayta tiklab, qimmatbaho metallni qariyb $1,3 mlrdga sotdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari dalolat beradi.

2026 yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekiston eksportining umumiy hajmi $19,93 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3,6% ga kamaydi.

Ko‘rsatkichning pasayishiga asosan qimmatbaho metallar eksportining qisqarishi ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, boshqa asosiy yo‘nalishlarda o‘sish kuzatildi: sanoat mahsulotlari eksporti 22,4% ga oshib, $2,87 mlrdga yetdi, xizmatlar eksporti esa 35,3% ga oshib, $7,32 mlrdni tashkil etdi.

Yilning dastlabki yetti oyida O‘zbekiston $2,8 mlrdlik oltin eksport qildi. Bu 2025 yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 2,7 baravar kam, o‘shanda qimmatbaho metall eksporti $7,58 mlrdga yetgan edi.

Yil boshidan beri O‘zbekiston oltinni faqat aprel va iyul oylarida eksport qildi. Yanvar–iyul oylarida monetar bo‘lmagan oltinni hisobga olmaganda, qimmatbaho metallar eksporti $1,5 mlrdni tashkil etdi. Shunday qilib, iyul oyiga taxminan $1,3 mlrdlik oltin eksporti to‘g‘ri keldi.

Aprelgacha O‘zbekiston oxirgi marta 2025 yil sentyabr oyida oltin eksport qilgan edi. O‘shanda qimmatbaho metall yetkazib berish hajmi $1,47 mlrd deb baholangan.

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston oltin eksporti bo‘yicha rekord o‘rnatdi. Yil davomida qimmatbaho metall yetkazib berish hajmi $9,9 mlrddan oshdi.

Oltin qazib olish

Navoiy kon-metallurgiya kombinati 2026 yilning birinchi yarmida 1,508 mln troya unsiyasi, ya’ni 46,9 tonna oltin qazib oldi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 2% kam.

Shu bilan birga, ishlab chiqarilgan oltin qiymati 41,7% ga oshib, 86,2 trln so‘mga yetdi.

Oltin zaxiralari ham oshdi

O‘zbekistonning xalqaro zaxira aktivlari 1 avgust holatiga $64,34 mlrdni tashkil etdi, bir oyda 0,92% ga oshdi.

O‘sish asosan oltin va valyuta zaxiralari hisobiga ta’minlandi. Oltin zaxirasi qiymati bir oyda $365,3 mln ga oshib, $56,12 mlrdga yetdi. Shu bilan birga, zaxiralardagi oltinning jismoniy hajmi biroz kamayib, qariyb 430,8 tonnani tashkil etdi.

Valyuta zaxiralari hajmi $208,8 mln ga oshib, $7,65 mlrdga yetdi.

Iyul davomida xalqaro bozorda oltin narxi o‘zgarib turdi. Oy boshida troya unsiyasi taxminan $4,2 ming deb baholangan bo‘lsa, keyin kotirovkalar $4 mingdan pastga tushdi.

Oy ikkinchi yarmida narxlar yana osha boshladi va iyul oxiriga kelib troya unsiyasi uchun $4,1 mingdan oshdi.


Manba