Yangiliklar (for all)
Tog‘-kon sanoati va geologiyada raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tog‘-kon sanoati va geologiya sohalarida raqamli yechimlar va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotida tog‘-kon sanoati muhim o‘rin tutadi. 2025 yilda sanoat korxonalari umumiy sanoat mahsulotining 20 foizini tashkil etdi. Ular tomonidan 118,5 trillion so‘m byudjet daromadlari ta’minlandi.
Shu bois sanoatni texnologik o‘zgartirish, ishlab chiqarish va mehnat resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy raqamli yechimlarni keng joriy etish muammolarini hal etish iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash, sarmoya kiritish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda strategik ahamiyatga ega.
Dunyoda "barqaror rivojlanish" va "raqamli geologiya" tushunchalari faol rivojlanmoqda. Mamlakatimizda bu borada muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, 2025-yilda yirik tog‘-kon sanoati korxonalari tomonidan 7,3 trillion so‘m operatsion xarajatlar iqtisod qilindi, mahsulot tannarxi 9,1 foizga kamaydi.
“Geomonitoring” axborot tizimi ham joriy etilib, 2 mingdan ortiq maydonlar boʻyicha maʼlumotlar raqamlashtirildi.
Keyingi besh yilda oltin zaxiralarini 879 tonna, kumushni 510 tonna, misni 676 ming tonnaga oshirishni taʼminlash ishlari boshlangani taʼkidlandi.
Sun`iy intellekt texnologiyalari geologik ma`lumotlarni tezkor tahlil qilish, foydali qazilma konlarini bashorat qilish, zaxiralarni aniq baholash va burg`ulash ishlari samaradorligini oshirish imkonini beradi. Ushbu maqsadlarda geologiya-qidiruv jarayonining barcha bosqichlarida sun`iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari buning uchun sohadagi texnologik o‘zgarishlarni yangi bosqichga olib chiqish, sun’iy intellekt asosida ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish va tahlil qilish tizimini yaratish zarurligini ta’kidladi.
Konchilik va geologiya katta hajmdagi ma`lumotlarni, jumladan, xaritalar, qidiruv natijalari, burg`ulash ma`lumotlari, laboratoriya tahlillari va ishlab chiqarish ko`rsatkichlarini yaratadi. Ularni yagona elektron ma’lumotlar bazasiga birlashtirib, 3D modellar yordamida tezkor qidiruv va tahlil qilish imkoniyatlarini yaratish orqali yangi konlarni aniqlash imkoniyatini oshirish mumkin.
Qayd etilishicha, buning natijasida xarajatlarni 10 foizga qisqartirish, yangi konlarni ochish vaqtini 2 barobarga qisqartirish va investorlar uchun takliflar sonini 4 barobarga oshirish mumkin bo‘ladi.
Taqdimotda 2030-yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollar sarmoya jalb etish rejalashtirilgani ta’kidlandi. Buning uchun, birinchi navbatda, investorlar talablariga muvofiq sifatli va ishonchli raqamli ma’lumotlar bazasini yaratish zarur.
Shu munosabat bilan Milliy geologik ma’lumotlar bazasini yaratish taklif etildi. Ushbu jarayon doirasida Texnologiyalarni oʻzgartirish markazi yaratiladi, 36 mingdan ortiq hisobot va birlamchi maʼlumotlar raqamli formatga oʻtkaziladi. Natijada geologik ma’lumotlarni shakllantirish, konlarni modellashtirish va zahiralarni hisoblash sifati va tezligi ikki barobar ortadi.
2026-2030-yillarda geologiya sohasida hamda 6 ta yirik korxona – Navoiy kon-metallurgiya kombinati, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiyuron, “O‘zmet-metallurgiya kombinati”, “O‘zbekmetallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatida sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha 44 ta loyihani amalga oshirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Ushbu loyihalar beshta asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, korporativ boshqaruvni raqamlashtirish, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, mehnat va sanoat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini raqamli transformatsiya qilish.
Loyihalarni amalga oshirish orqali foydalanish samaradorligi 7 foizga, mashina va uskunalarning ishonchliligi 20 foizga, energiya samaradorligi 8 foizga oshishi kutilmoqda. Shuningdek, inson omillari bilan bog`liq xato va xavflarni 15 foizga kamaytirish prognoz qilinmoqda.
Kelgusida ushbu yechimlarni patentlash zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilarga tog‘-kon sanoati korxonalarining biznes-rejalarini ishlab chiqishda ishlab chiqarish va mehnat resurslari samaradorligini oshirish chora-tadbirlarini kiritish, shuningdek, texnologiya va sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar bo‘yicha alohida dasturlarni tasdiqlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Manba