Yangiliklar
“Yer qa’ri to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi
2024-yil 31-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi “Yer qa’ri to‘g‘risida”gi O‘RQ-987-son Qonun qabul qilindi. Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan 2024-yil 27-avgustda qabul qilinib (https://t.me/uzdavgeolcom/17286), joriy yil 20-sentabrda Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullangan (https://t.me/uzdavgeolcom/17511) edi.“Yer qaʼri toʻgʻrisida”gi qonunni ishlab chiqishda Avstraliya, Kanada, AQSh, Rossiya, Turkiya, JAR, Indoneziya, Ozarbayjon va Qozogʻiston kabi davlatlarning sohadagi tajribasi oʻrganilib, bunda ham xorijiy investorlar, ham davlat uchun oʻzaro manfaatli boʻlgan shart-sharoitlar yaratish imkonlari kengaytirilgan.
Qonun loyihasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlar guruhi bilan birgalikda Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi va uning tizim korxonalari, Energetika vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi, “Oʻzbekneftgaz” AJ, Fanlar Akademiyasi hamda Strategik islohotlar agentligining ixtisoslashgan mutaxassislari va olimlar ishtirokida muhokama qilingan.
Qonun respublikada yer osti boyliklarini masʼuliyat bilan geologik jihatdan oʻrganish, ulardan foydalanish va muhofaza etishni zamonaviy standartlar asosida samarali va tizimli yoʻlga qoʻyishga, sohaga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jadallashtirish hisobiga mavjud xomashyo negizida zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini ishga solish, olis hududlarda barqaror yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda iqtisodiyot uchun soliq bazasini kengaytirish va tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirishga xizmat qiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.